Asosiy mazmunga oʻtish
Lison sehri
Kirish
Taqdimotlar

1-mavzu

Leksikologiya. Oʻzbek tili leksikasining boyish manbalari

Lison sehri · 1-mavzu

Leksikologiya. Oʻzbek tili leksikasining boyish manbalari

Slayd 1 / 16

Reja

  1. 1.Leksikologiya fanining predmeti va vazifalari
  2. 2.Oʻzbek tili leksikasining qatlamlari
  3. 3.Lugʻat boyligining ichki va tashqi manbalari

Asosiy atamalar

leksikologiya

Tilshunoslikning tildagi soʻzlarni, yaʼni lugʻat tarkibini (leksikani) oʻrganuvchi boʻlimi

Yunoncha lexis — soʻz, logos — taʼlimot

leksika

Tilning barcha soʻzlari majmui, uning lugʻat tarkibi

Oʻz qatlam va oʻzlashma qatlamdan tashkil topadi

lugʻat boyishining ichki manbalari

Tilning oʻz imkoniyatlari: soʻz yasalishi, maʼno koʻchishi, sheva va kasb soʻzlarining adabiy tilga oʻtishi

Tashqi manba — boshqa tillardan soʻz oʻzlashtirish

Atamalarni mashq qilish
Amaliy topshiriqlar2 ta topshiriq

1-topshiriq

Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy haqida berilgan matn bilan tanishing, matn ichidagi ajratilgan soʻzlarga diqqat qiling. Boshqa tillardan soʻz oʻzlashishining sabablari toʻgʻrisida fikringizni ayting.

Buyuk bobomiz Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy 783-yilda Xivada tugʻilgan. Keyinroq Bagʻdod shahridagi «Bayt ul-hikma» markazida faoliyat yuritgan. Alloma algebra fanining asoschisidir. Bilasizmi, «algoritm» soʻzini butun dunyo qoʻllaydi. Bu soʻz, aslida, buyuk bobomiz al-Xorazmiy nomining Yevropa tillarida tovush oʻzgarishidan hosil boʻlgan shaklidir. Yevropaliklar har qanday sanoq tizimidagi hisoblashni «algoritm» deb atashgan.

Hozirgi kunda bu soʻz kompyuterdagi protsessor, dastur kabi ijro qurilmalarining bajaradigan maqsadli amallari maʼnosini bildiradi. Har qanday elektron hisoblash texnikasi, kompyuter, mobil aloqa apparatlari, maishiy texnika asboblari, hatto kosmik kemalar ham algoritm asosida ishlaydi. Ha, bu hisoblash tizimini buyuk bobomiz – «algoritm otasi» al-Xorazmiy kashf etganlar.

— «Arboblar» kitobidan

Matnni koʻchiring. Olinma soʻzlarning tagiga chizing va izohlang.

Odamlarning 10 foizi noyob talantga ega boʻladi. Ular intellektual rivojlangan insonlar sanaladi. Maʼlumotlarga koʻra daholarning aksariyati bolalik chogʻidayoq oʻz isteʼdodlarini namoyon etishgan. Oʻta talantli bolalarni vunderkind deyishadi. Masalan, Alisher Navoiy, Imom al-Buxoriy, Motsartlar sakkiz yoshdayoq oʻz zakovatlari bilan atrofidagilarni lol qoldirishgan.

2-topshiriq

Matnda ajratib koʻrsatilgan xalqaro doiraga xos soʻzlarning muqobillarini tanlang.

YUNESKO

1945-yil 16-noyabr. London. Ikkinchi jahon urushi tugagandan keyin fashistik Germaniyaga qarshi tuzilgan ittifoqdosh davlatlar taʼlim vazirlarining konferensiyasida BMTning taʼlim, ilm va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti – UNESCO (United Nations Educational, Scientific and Cultural Organization) tuzildi. YUNESKO insoniyatning intellektual va axloqiy hamkorligini taʼminlashga qaratilgan faoliyatini qoʻllab-quvvatlash bilan yangi jahon urushlarining oldini olishni bosh maqsad qilib qoʻygan edi. Konferensiyada ishtirok etgan 37 davlat vakillari tomonidan YUNESKO Ustavi tasdiqlandi. Bu Ustav 1946-yil 4-noyabrdan kuchga kirdi.

Ayni kunda YUNESKOning Bosh assambleyasi Parij shahrida joylashgan va uning aʼzolari soni 195 davlatdan iborat. Doimiy budjeti 653 million AQSH dollarini (2011-yil), budjetdan tashqari mablagʻi 500 million AQSH dollarini tashkil etadi. Ingliz, ispan, rus, fransuz, xitoy va arab tillari YUNESKOning rasmiy tillari hisoblanadi. Tashkilot davlatlar oʻrtasida maorif, fan, madaniyat, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro taʼlim standartlarini joriy etish, turli innovatsion loyihalarni amalga oshirish, savodsizlikka qarshi kurash, milliy madaniyatlarni oʻrganish, geologiya, okeanografiya, biosfera, gender tengligi sohalaridagi muammolarni bartaraf qilish boʻyicha faoliyat yuritadi. Tinchlikni va xavfsizlikni mustahkamlash, inson huquqlarini qadrlash masalalari ham YUNESKOning kun tartibidagi muammolardir.

Oʻzbekiston suveren davlat sifatida 1993-yil 29-oktabrda YUNESKOga aʼzo boʻlib kirgan va 1994-yilda mazkur nufuzli xalqaro tashkilot tarkibida Respublika Milliy komissiyasi tashkil etilgan.

Tavsiya etilgan soʻzlar

  • aqliy-maʼnaviy
  • mahorat va usullar majmuyi
  • bosh yigʻilish
  • mustaqil
  • nizom
  • majlis
  • yer tuzilishi haqidagi fan
  • okeanlar haqidagi fan
  • irqchilik mafkurasi
  • yerning tirik organizmlar tarqalgan qismi
  • jins
  • pul birligi, meʼyor-oʻlchov
  • alohida vakolatli guruh
  • umumxalq hokimiyati
  • aloqa turi
  • muayyan vaqt uchun tasdiqlangan daromad va xarajatlar yigʻindisi