Asosiy mazmunga oʻtish
Lison sehri
Kirish
Taqdimotlar

12-mavzu

Barqaror birikmalar. Maqol va matallar, hikmatli soʻzlar

Lison sehri · 12-mavzu

Barqaror birikmalar. Maqol va matallar, hikmatli soʻzlar

Slayd 1 / 11

Reja

  1. 1.Maqollar va ularning uslubiyati
  2. 2.Matallar va ularning uslubiyati
  3. 3.Hikmatli soʻzlar va ularning uslubiyati

Asosiy atamalar

maqol

Gap shaklidagi, tugal fikr ifodalovchi xalq donishmandligi (masalan: Ish bilganga bir tanga, gap bilganga ming tanga)

Xalq ogʻzaki ijodining janri

matal

Gap tarkibida qoʻllanadigan, tugal fikr ifodalamaydigan obrazli ibora

Maqol tugal fikr bildiradi, matal esa obrazli tasvirlaydi

hikmatli soʻz

Maʼno jihatdan chuqur, donishmandlik ruhidagi barqaror fikr; muallifi maʼlum yoki xalq ijodiga mansub

Masalan: Navoiy va Bobur hikmatlari

Atamalarni mashq qilish
Amaliy topshiriqlar2 ta topshiriq

1-topshiriq

Matnlardagi maqollarni aniqlab, oddiy gaplar bilan almashtiring.

I

– Oʻrtoq direktor, menga tuhmat qilyaptilar. Sakkiz yildan beri shu idorada ishlayman. Shu sakkiz yil ichida uch direktor oʻzgardi. Hammasi bilan juda totuv ishladik, birortasi menga na ogohlantirish, na vigovor bergan! Odamning olasi ichida boʻladi, deb shuni aytishgan-da. Direktorga qilgan yordamlarimning birortasini boshqa odamga qilganimda, itining tuvagi oltindan boʻlib ketar edi. Bu kishi yaxshiligimni bilmayaptilar. Uyalish kerak, oʻrtoq direktor, menday, musichaday beozor kishini ranjitgani qanday koʻnglingiz boʻldi?

— S. Ahmad

II

Ha, endi aqlim kirgan, endi hamma narsaga tushungan edim. Muhabbat – muqaddas tuygʻu. U soflikni talab etadi. Muqaddas mening oʻzimni ham, sevgimni ham tark etib, koʻzimni ochgan edi. Xalqning «Insofli odam oshini yer, insofsiz – boshini» degan maqolida mujassamlangan hayotning eng ulugʻ qonunlaridan biri menga oʻzining shafqatsiz, lekin adolatli kuchini koʻrsatgan edi.

— O. Yoqubov

III

Egachisining begʻam, beparvo oʻgʻliga qilgan bunday beozor muomalasini hazm qilolmagan Lazokatxon:

– Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi. Toʻgʻrisini aytavermaysizmi, egachi! – deb zarda qildi. Keyin Oʻktamga yuzlandi:

– Salgina tobi qochganmas. Oldindan silqovlanib yurardi onang. Endi rasmona kasal boʻpti. Bod. Xafaqon. Ha, bu kasallari oldindan bezovta qilib yurganini bilmasmiding? Ona rozi – xudo rozi. Shu yarimjon onani yolgʻiz tashlab ketishni qanday vijdonlaring qabul qildi-ya?! Borib turgan oqibatsizlik emasmi bu?!

— H. Nazir

IV

«Kimga aza, kimga toʻy? Bularning gapiga oʻlaymi, qolaymi, tavba. Shanbada bichma, jumada koʻchma, derdi onam. Sichqonning ini ming tanga boʻlmaydimi menga desa». Shu xayolda jahli chiqib oʻtirgan edi, eshik ochildi. Ichkari kirgan Latifjon koʻzlarini uqalab, ancha jim turdi. Keyin:

– Shu, shu... volidamiz... haligiday... bandalikni bajo qildilar yangitda, – dedi sekin. – Omonatini topshirdi.

2-topshiriq

Maqollar juftligini oʻqing. Ularning bir-birini inkor etishi yuzasidan «Fikrlar jangi»ni tashkil qiling va oʻz mulohazangizni bayon eting.

  1. 1.Gap bilan kerilma, ish bilan keril. Ish bilganga bir tanga, gap bilganga ming tanga.
  2. 2.Tekin boʻlsa, mix yut. Tekin tomoq tish sindirar.
  3. 3.Yomon koʻrgan kishingga yomon narsangni ber. Yomonlikka yaxshilik mard kishining ishidir.
  4. 4.Har kim boshiga yogʻgan qorni oʻzi kuraydi. Koʻpdan quyon qochib qutulmas.