1-topshiriq
Matndagi koʻhna soʻzlarning maʼnosini tushunishga harakat qiling va berilgan izohlardan ularga mosini tanlang.
Hukmnoma
Oʻtkir xanjarini beliga osib, oyboltasini koʻtargan jallod qushbegining hukmiga muntazir edi. Qushbegining oʻng tomonida qoʻrboshidan tortib shahar aʼyonlari, qarshisida Otabek, qutidor, Ziyo shohichi va uning oʻgʻli Rahmat – gunohkorlar va ularning orqasida muhofiz yigitlar.
Qushbegi oʻzining yozilib qoʻyilgan hukmnomasini qoʻliga olib oʻqishga hozirlandi: „Menkim, Margʻilon hokimi Oʻtabboy qushbegi, oʻz hukmimni xoqon ibni xoqon janobi oliy Xudoyorxon ismi shariflaridan eshitdiraman. ...Eʼtimodlik bir kishining shahodatiga binoan toshkandlik Yusufbek hojining oʻgʻli – Otabek, bu kunda xonimizgʻa qarshi bosh koʻtargan Aziz parvonachi va oʻz otasining vakolatlari bilan Margʻilon kelib, bu yerdagi fuqarolarni ham xon janobigʻa qarshi oyoqlandirmoqchi boʻlgʻan. Otabekning bu harakati ululamir boʻlgʻan janobga bogʻiyliq boʻlib, uni, yaʼni Otabek Yusufbek hoji oʻgʻlini oʻlim jazosi bilan jazolashni taqozo etadir. Ikkinchi, Otabekka yoʻlda koʻmakchi boʻlib yurgan Margʻilon fuqarosi Mirzakarim qutidor ham shu jazoga sazovor tutiladir. Ziyo shohichi bilan oʻgʻli Rahmat bu bogʻiyliqdan xabardor boʻlaturib, vaqtida hukumatka maʼlum qilmagʻanlari uchun bir yildan zindon jazosiga mahkum boʻlurlar!“
Namuna:jallod — oʻlim jazosini ijro etuvchi; qushbegi — amir va xon saroyida bosh vazir yoki vazirga teng amaldor; muntazir — orziqib kutish
Koʻhna soʻzlar
- aʼyon
- qutidor
- muhofiz
- hukmnoma
- shohichi
- eʼtimod
- xoqon
- shahodat
- parvonachi
- oyoqlandirmoqchi
- ululamir
- zindon
- bogʻiyliq
- qoʻrboshi
Izohlari:
- 1.oyoqqa turgʻizmoq
- 2.biror hodisa yuzasidan beriladigan guvohlik
- 3.qattiq ishonish
- 4.hukm hujjati
- 5.Qoʻqon xonligida pullarni qabul qilib oluvchi, saqlovchi, xon xazinasiga topshiruvchi saroy amaldori
- 6.tungi mirshab yoki mirshablar boshligʻi
- 7.hukmdorga yaqin turgan baland martabali kishilar
- 8.himoya qiluvchi qoʻriqchi
- 9.ipak savdosi bilan shugʻullanuvchi shaxs
- 10.turkiy xalqlarda hukmdorlarning eng oliy unvoni
- 11.hukmdor farmonini bituvchi kotib
- 12.amirlarning ulugʻi
- 13.mahbuslar saqlanadigan yer ostidagi qorongʻi joy
- 14.isyonkorlik